Kattaqo‘rg‘on shahridagi 8 MTT da taʼlim-tarbiya jarayonida innovatsion usullar samaradorligini oshirish maqsadida “O‘yinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik o‘yinlar” festivali bo‘lib o‘tdi.
Shahar maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi tomonidan tashkil etilgan mazkur festival soha xodimlari uchun o‘ziga xos tajriba va mahorat maydoniga aylandi. Tadbirda shahar hokimi o‘rinbosarlari, Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Mirzayev, viloyatimizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari bo‘limlarining uslubchilari, MTT direktorlari, tarbiyachilar hamda sohaning faol mutaxassislari ishtirok etdilar.
✅So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bolalarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar asosida tarbiyalash, intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdilar.
Festival doirasida mehmonlar taʼlim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Tarbiyalanuvchilar uchun tashkil etilgan zamonaviy mashg‘ulot xonalari, rivojlantiruvchi o‘yin maydonchalari, didaktik materiallar hamda innovatsion taʼlim vositalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
⌛Ayniqsa, guruh xonalarining zamon talablari asosida jihozlangani, bolalarning qiziqishi va yosh xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yaratilgan taʼlim muhiti yig‘ilganlar tomonidan yuqori baholandi.
Festivalning amaliy qismida esa maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari bolalar bilan ishlashdagi innovatsion yondashuvlar, qiziqarli didaktik o‘yinlar va interaktiv usullar orqali o‘z mahoratini namoyon etdilar.
Hakamlar hayʼati ishtirokchilarning pedagogik mahorati, ijodkorligi, bolalar bilan muloqot qilish usuli hamda mashg‘ulotlarni tashkil etish darajasiga alohida eʼtibor qaratdi. Tanlov shartlarini yuqori saviyada bajargan va eng munosib deb topilgan tashkilot jamoalari festival
yakunida munosib taqdirlandi.
Qayd etilganidek, mazkur festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad — taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng tatbiq etish, didaktik o‘yinlar orqali bolalarning fikrlash qobiliyati, ijodkorligi, faolligi va mustaqil tafakkurini rivojlantirishdan iborat.
Kattaqo’rg’on shahar MMTB axborot xizmati.

















