Avval xabar berganimizdek, kuni kecha Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova shahrimizda faoliyat yuritayotgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda sog‘lom ovqatlantirish ishlarini joyida o‘rgangan edi.
📍Bugun esa shahar hokimligida mazkur o‘rganishlar natijalariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi va amaliy seminar tashkil etildi. Unda shahrimizdagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, tegishli idora vakillari hamda mas’ullar ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida shahar hokimi Gavhar Alimova kechagi o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar, ayrim muassasalarda uchrayotgan tizimli xatolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarga alohida to‘xtaldi. Ayniqsa, tarbiyalanuvchilarning xavfsizligi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi, sanitariya talablariga rioya qilinishi hamda sog‘lom ovqatlanishni to‘g‘ri tashkil etish masalalari doimiy nazoratda bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
✅Shuningdek, mas’ullarga har bir maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar uchun munosib muhit yaratish, tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish va ota-onalar ishonchini mustahkamlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
🫥 Seminar davomida shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi vakili hamda Sanepid qo‘mita shahar bo‘limi rahbari tomonidan oilaviy nodavlat MTTlar faoliyatini namunaviy tashkil etish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Xususan, muassasalarda gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va saqlanishi, bolalar uchun belgilangan ratsion hamda ovqatlantirish me’yorlariga rioya etish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi.
✅Yig‘ilish yakunida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasida tajriba almashish, ilg‘or ish uslublarini ommalashtirish va sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida har hafta ko‘chma seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.
Bu kabi amaliy muloqot va o‘quv seminarlari shahrimizda maktabgacha ta’lim sifati, bolalar tarbiyasi va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.







